Ilmiy ishlar

Ingliz tili o‘qitish jarayonida talabalarda kognitiv motivatsiyani shakllantirishda innovatsion yondashuv shakl va metodlari

Har bir yo‘nalishda o‘qiydigan o‘quv guruhlari ikkitadan parallel guruhlarga ajratilib o‘quv rejasiga asosan bir guruhda alohida noan’anaviy dars elementlari kiritilgan dars ishlanmalari, ikkinchisiga klassik uslubdagi dars ishlanmalari asosida darslar o‘tildi. Noan’anaviy dars elementlari, xususan muallif tomonidan ishlab chiqilgan “Parlament a’zosi”, shuningdek, “Mo‘jizalar maydoni” noan’anaviy dars turlari birinchi ajratilgan guruhlarda qo‘llanildi. Dars mavzulari har ikkala guruhda ham bir xil bo‘lsa-da, birinchi guruhlarda o‘tkazilgan darslarning birinchi va ikkinchi soatlaridayoq darsga qo‘yilgan maqsadga erishilganlik natijasi juda yuqori bo‘ldi. Ma’lumki ingliz tili darslarini o‘tishda o‘qituvchi talabalarning dars materialini to‘la o‘zlashtirishi, yangi so‘z va so‘z birikmalarini o‘rganishi, talaffuzini to‘g‘rilashga, matn mazmunini to‘liq tushunishiga, tilga oid grammatik kategoriyalarni o‘zlashtirishiga, shu bilan birga inglizcha so‘zlarni to‘g‘ri yozish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratadi. Yangi so‘zlarni o‘rganish va imlo qoidalari asosida to‘g‘ri yozishga o‘rgatishda o‘qituvchidan tizimlashtirilgan yondoshuv talab qilinadi.

Shu maqsadda olingan birinchi guruhlarda “Mo‘jizalar maydoni” noan’anaviy darslarida qo‘yilgan maqsadga to‘liq erishildi. Darslarni kuzatishga kirgan o‘qituvchilar va talabalardan olingan dastlabki natijalar tahlili hamda o‘tkazilgan yozma anketa so‘roviga binoan kognistik motivatsiyasi yuqori bo‘lgan talabalarni o‘qitishda quyidagilarga erishildi: birinchidan, darsda o‘tirgan talabalar faolligi yuz foyizga ko‘tarildi; ikkinchidan, o‘quvchilarda darslarga bo‘lgan qiziqish motivatsiyasi keskin kuchaydi; uchinchidan talabalarning chuqur bilim olishlari uchun o‘zlariga bo‘lgan ishonchlari ortdi; to‘rtinchidan, darsda talabalar tomonidan zerikish, charchash sezilmadi; beshinchidan, talabalar shunday darslarning doimiy ravishda tashkil etilishini xohlayotganliklarini anketada yozma bayon qildilar, chunki talabalar bilim olishning real imkoniyatlaridan maksimal foydalanishga intiladilar; oltinchidan, talabalarda izlanish, o‘ylash va mustaqil hamda erkin fikr bildirishda dadillashganliklarini ma’lum qildilar (motivatsiyaning yuqori darajada bo‘lishi); yettinchidan, darsda avvallari o‘zlashtirishi past bo‘lgan talabalar ham o‘zlari sezmagan holda darsga faol aralashib ketdilar va savol-javoblar, topshiriqlarni bajarishda doimiy ravishda qatnashib baholari ko‘tarilganligini bildirdilar; sakkizinchidan, talabalarni baholashda keng qamrovlilikka va adolatli baholashga erishildi.

Ushbu dars turlari interfaol usulga asoslangan bo‘lib o‘quvchilarda tig‘iz motivatsion faollikni, mustaqil izlanish va erkin hamda sobit fikrlilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, doimiy ravishda talabalarni yangi so‘zlarni o‘rganish va to‘g‘ri yozish ko‘nikmalarini mustahkamlashga katta imkoniyatlar yaratdi. “Mo‘jizalar maydoni ” dars shaklida masalan, mavzudan kelib chiqqan holda chet tilida yangi o‘rganilayotgan, yozilishi murakkabroq so‘zlarni eslab qolish va to‘g‘ri yozishda o‘qituvchi doskaga bir so‘z yoki so‘z birikmasi shakliga mo‘ljallangan bir necha katakchalardan iborat katta katakni doskaga yozib qo‘yib o‘sha so‘zning o‘zbekcha tarjima variantini aytadi.

Inglizchada qanday talaffuz qilinishi va yozilishini savol tariqasida o‘rtaga tashlaydi hamda talabalar ixtiyoriy ravishda mazkur katakchadagi so‘zlarning harflarini birma-bir tafakkur yuritib aytgan holda harflarni o‘z o‘rniga qo‘ya boshlaydilar. Bularning barchasi ilm asoslarini ongli ravishda o‘rganish – motivatsiyaning turg‘un va yuqoriligi asosida ro‘y beradi. Darsda o‘yin elementi mavjud bo‘lsa ham talabalar jarayonga jiddiy yondoshdilar. Harflarni aytish va yozishda ko‘p faollik qilgan talabalarga o‘qituvchi rag‘batlantirish metodini qo‘llagan holda qo‘shimcha bal baholari qo‘yib boradi. O‘qituvchi darsda o‘qituvchi rolidan ekspert roliga o‘tadi va natijalarni tahlil qilib e’lon qilib boradi. Shu tariqa izlanish motivatsiyasi, erkin fikrlash ko‘nikmalari rivojlantirib boriladi. Shu bilan birga fikrlash atrofdagi hodisalarga qiyosiy, tanqidiy, mantiqiy yondoshish, ma’lumotlarni to‘g‘ri baholash, tahlil qilish, boshqacha aytganda o‘z fikrini mustaqil yuritish hozirgi zamon o‘quvchilarining muhim sifati bo‘lmog‘i kerak.

Mavzu bo‘yicha pedagogik kuzatuvlarimizdan chiqarilgan xulosalar shu yillargacha amal qilinib kelingan o‘qitishning klassik usullaridan ko‘ra original pedagogik uslublardan kengroq foydalanish, oliygohni bitiruvchi talabalarni yuksak malakali, mustaqil va erkin fikrli, turmush sinovlariga bardoshli, o‘z tahlili va xulosalariga ega bo‘lgan yosh fuqaroni shakllantirish vazifasini sharaf bilan ado etishni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. O‘qituvchining darsga tayyorgarligi, uning ilmiy-pedagogik salohiyati, boshqacha aytganda uning professionalizmi shu mezondan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Kognistik motivatsiyani shakllantirishda mantiqiy fikrlashni rivojlantirish omillaridan yana biri darsdan tashqari o‘qishlarini tashkil etish hisoblanadi. Shu bilan birgalikda talabalarning leksik zahiralarini boyitish, chet el adabiyoti namunalarini qiynalmay o‘qishlari uchun darsdan tashqari o‘qishlarning imkoniyati va samarasi beqiyos. Mustaqil o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning adabiy asarlarni o‘qishga qiziqishlarini oshirish orqali ijtimoiy hayot muammolarini mustaqil hal etishda hayotiy pozitsiyalarini shakllantirish, chet el adabiyotini o‘qish vositasida bilimlarini kengaytirish, ingliz tilida qo‘llanadigan so‘zlar zahirasini ko‘paytirish, tafakkur doirasini kengaytirish hamda chuqurlashtirish asosida erkin fikrlash madaniyatini shakllantirish masalalari o‘qituvchi oldiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Mustaqil o‘qishga tavsiya qilingan asar hajmi va sintaktik tarkibi talabalarning tayyorgarligi va yosh xususiyatlariga qarab belgilanadi va ular o‘zlarining o‘sib boruvchi murakkabliklari bilan farqlanadi. Talabalarda darsdan tashqari o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali ularda ilm olishga bo‘lgan motivatsiya- bilim olish orqali eng yaxshi axloqiy fazilatlar ham shakllantirib boriladi. Institut o‘quv rejasining 2 – yilida va ayniqsa 3 – yiliga kelib ingliz tilida o‘rtacha hajmdagi, sintaktik tarkibi murakkab bo‘lmagan asarlarni qiynalmay o‘qiy boshlaydilar.

Ingliz tilidagi asar matniga xos bo‘lgan hamda talaba uchun yangi bo‘lgan so‘z va iboralar hamkorlikda tarjima qilinib tushunchalarga aniqliklar kiritildi. Olib borilgan savol-javoblar o‘quvchilarga bayon qilinayotgan voqea-hodisalarga bo‘lgan munosabatlarini belgilashda asar syujetini o‘rganilganlik darajasini hamda dars paytida o‘zlashtirish minimumini ham nazorat qilish imkonini yaratdi. Shu bilan birga o‘rganilayotgan mavzu mohiyatini tushunish va voqealar rivojida uzviylik ta’minlanib o‘quvchilarda kitobni tushunib o‘qish ko‘nikmalarini mustahkamlab borishga erishildi.

Darsdan tashqari mustaqil o‘qishlarda talabalar tomonidan asar mazmunini erkin muhokama qilishga imkoniyat berilib ularning shaxsiy takliflari asosida dars mavzulari belgilandi va o‘qituvchi rahbarligida suhbat mazmuni yo‘naltirib turildi. O‘rganilayotgan matn talabalar tomonidan o‘zining gapi bilan gapirtirilib asar muallifining bayon qilish usuliga yaqinroq tarzda hikoya qilishga e’tibor berildi hamda og‘zaki bayonning lo‘nda va ifodalanishi talab qilindi. Bunda so‘zlanayotgan matn mazmunining keng va lozim topilganda qisqa bayon qilinishiga urg‘u berildi.

Talabalarda kognistik motivatsiyaga intilish ko‘nikmalari va madaniyatini rivojlantirish uchun darsdan tashqari o‘qishlarni to‘g‘ri tashkil etish va uyg‘unlikda tanlangan tadbir hamda rejalarni belgilash ularda kitob o‘qish madaniyatini, bilim doiralarini kengaytiradi, ularning nutqini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Eng muhimi, mustaqil o‘qish orqali erkin fikrlash madaniyati shakllantiriladi va mustaqil o‘qishga rag‘batlari oshiriladi.